--

Ajdodlar  tajribasini qollab...

Ajdodlar  tajribasini qollab...
Chop etilgan 1 октября, 2026

— Ehtiyot bo‘linglar, anorga zarar yetmasin, — deya oilaboshi Abdumavlon Kenjayev yaqinlariga eslatib qo‘yadi.

Shoxidan uzilgan meva qutiga joylangunga qadar bir necha qo‘ldan o‘tadi. Oila a’zolarining har biri uni ehtiyotkorlik bilan ushlab, shikast yetkazmaslikka harakat qiladi. Chunki yil davomida parvarishlangan hosilni yig‘ishtirib olish ham alohida mas’uliyat talab qiladi.

Abdumavlon aka esa har bir anorni birma-bir ko‘zdan kechirib, uning toj qismidagi mayda popukchalarini toza-laydi.

Qiziqib so‘rayman:

— Anorning tojini tozalash mevaga zarar yetkazmay-dimi?

— Yo‘q, zararlanmaydi. Bu usulni 2018-yildan buyon mahallamizda qo‘llab kelamiz. Chunki anorning aynan toj qismiga o‘rgimchakkana in qo‘yib, keyin mevaga zarar yetkazadi. Turli xil dorilarni sepib ko‘rdik, ammo kutilgan natijani bermadi. Shu usulni qo‘llay boshlaganimizdan keyin zararkunandadan himoya qilishda yaxshi natijaga erisha boshladik, — deydi u.

Mirzaobod tumanidagi “Dehqonobod” mahallasida joylashgan Kenjayevlar oilasining 32 sotixlik tomorqasida 350 tup anor bor. Bu bog‘ning tarixi qariyb 65-70 yilga borib taqaladi.

Boqqa oila boshlig‘ining marhum otasi Abduroziq ota asos solgan. U kishi anorchilikning sir-asrorlarini turmush o‘rtoqlari, hozirda sakson yoshni qoralagan Gulsara momoga ham o‘rgatgan. Gulsara momo esa bu tajribani farzandlariga yetkazadi. Bugun esa anorchilik bir necha avlodning mehnati va oilaviy daromad manbaiga aylangan.

Yiliga 10 tonnadan ortiq anor yetishtiriladi. Hosil Afg‘oniston, Xitoy, Koreya, Rossiya hamda boshqa Yevropa davlatlariga yetkazib berilmoqda.— Oltmish-yetmish yillik anor daraxtlari ham bo‘ladimi? — deya so‘raymiz.

— Anorni vaqtida ko‘mib, to‘g‘ri parvarish qilsangiz, undan ham ko‘p yil yashaydi, — deydi Abdumavlon aka.— Bizning hududimizda nordon-shirin navlarni ekish maqbul. Eng muhimi, yerni va navni to‘g‘ri tanlash, daraxtni vaqtida parvarishlash kerak, — deydi u.          

Kenjayevlar faqat anor yetishtirish bilan cheklanib qolishmaydi. Erta bahorda anorzor orasiga kartoshka ekiladi. Hosil yig‘ishtirib olingach, maydondan bodring yetishtirish uchun foydalaniladi.

Oiladagi ishlar esa hamjihatlikda bajariladi. Abdumav-lon akaning turmush o‘rtog‘i Shohida Kenjayeva ham tomorqa ishlarida eridan qolishmaydi.— Tomorqamizning 0,5 sotix qismiga qulupnay ko‘chatlari ham ekkanmiz. Bahorda ko‘chatlarini sotib, qo‘shimcha daromad olamiz, — deydi Shohida opa.

Shu tariqa bir tomorqaning o‘zida yilning turli fasllari-da turli ekinlardan foyda olish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa xonadon daromadini ko‘paytirish bilan birga yerdan samarali foydalanish imkonini ham beradi.

Kenjayevlar oilasi uchun bog‘dorchilik avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan oilaviy an’ana.— Biz uchun bog‘dorchilik ota meros. Otam bir umr o‘qituvchilik qildilar. Men esa IIB tizimida 23 yil faoliyat yuritdim.

Lekin bog‘ni tashlamadim, — deydi Abdumavlon aka.

Ayni damda Abdumavlon akaning o‘g‘li Abdusalom Abduroziqov Toshkent davlat agrar universiteti magistra-tura yo‘nalishida tahsil olish bilan birga “Agrolab” tashkilotida ishlab, ijtimoiy tarmoqlarda “Sirdaryolik anorchi bola” profilini yuritib, anorchilikka oid tajribalar, parvarish usullari va o‘z oilasida to‘plangan amaliy bilimlar bilan bo‘lishib kelmoqda.

2023-yilda esa Rim shahridagi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh qarorgohida 16-20-oktyabr kunlari o‘tkazilgan Butunjahon oziq-ovqat forumida ishtirok etib, jamoasi bilan birgalikda I-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov hamda O‘zbekiston fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitovning Kenjayevlar xonadoniga tashrif buyurib, anorzordagi faoliyat bilan tanishgani va alohida e’tirof etgani oila a’zolari uchun yana bir rag‘bat bo‘ldi.

Kenjayevlar 32 sotixlik tomorqa bilan cheklanib qolga-ni yo‘q. Yangi bog‘ tashkil etib, yana 150 tup anor ko‘chati o‘tqazishmoqda.

Hosilni yetishtirish qanchalik muhim bo‘lsa, uni sifatini saqlagan holda asrash ham shunchalik ahamiyatli.

— Avaylab uzgan anorlarimizni xuddi shunday ehtiyot-korlik bilan xonalarga olib kirib, taxlaymiz. Tundan tong-

gacha eshik, derazalarni ochib qo‘yamiz. Tongda esa yopamiz. Kunduzi eshikni ochmaymiz. Shu tariqa xonada salqinlik saqlanib, anorning sifati buzilmaydi, — deyishdi oila a’zolari.

Kenjayevlar oilasi anorchilikdan nafaqat daromad olyapti, balki yillar davomida to‘plangan tajribani farzandlariga o‘rgatib, oilaviy kasbni davom ettirmoqda.

Bu xonadonda mehnat avlodlarni birlashtiruvchi qadriyatga aylangan. Katta avlodning tajribasi, o‘rta avlodning mehnati va yoshlarning zamonaviy bilimi bir maqsad — yerdan unumli foydalanish, sifatli mahsulot yetishtirish va oila farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Xurshida NISHONOVA

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI
Теги::

Читайте также

Смотреть все