--

DAVLATLI TILIM MENING

DAVLATLI TILIM MENING
Chop etilgan 24 October, 2026

Ne baxtki, siz-u biz ona Vatanimiz O‘zbekistonda mustaqillikda yashash, o‘qish, o‘rganish, mehnat qilish bilan birga xalqimiz bilan bir tan-u bir jon bo‘lib, buyuk kelajagimiz poydevorini  yaratish ishlarida ham hissamizni qo‘shib kelyapmiz. Yana, barcha bunyodkorlik ishlarimizni o‘z ona tilimizda, o‘zbek tilida gaplashib, kengashib, fikr almashib amalga oshirmoqdamiz. Bularning barchasi tilimizning davlat tili maqomiga ega ekanligi-yu mustaqilligimiz sharofatidir. Shu sabab katta-yu kichik – butun xalqimiz millat ruhining yorqin ko‘zgusi bo‘lgan o‘zbek tilining davlat maqomiga ega bo‘lgan kun –  21-oktyabrni – milliy bayram sifatida keng nishonlaydi. Ayni kunlarda yurtdoshlarimiz ushbu muborak ayyomning 37 yilligini bayram qilish barobarida o‘zlarining o‘zbek tiliga bo‘lgan mehr-muhabbati, e’zoz-e’tiborini namoyish qilmoqdalar. Bunday mehr-muhabbat, e’tibor-e’zoz bejiz emas, albatta. Ona tilimiz bizning o‘zligimiz, o‘zbekligimiz timsoli, milliy ruhimizning yorqin ko‘zgusi.

Zero, Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov aytganidek,

Ona tilim, sen borsan, shaksiz,

Bulbul kuyin she’rga solaman.

Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.

Unutmaymiz, unutishga haqimiz ham yoqki, mustaqilligimiz, dorulomon kunlarimiz, bu kabi bayram-tantanalarimiz bobolarimizning milliy tilimizning yashashi, mavqeyi, maqomi, sofligi va boyligi uchun olib borgan mardonavor kurashlari, fidoyiliklari, ta’lim-tarbiyaviy, tashkiliy-siyosiy, ilmiy-ijodiy sa’y-harakatlarining samarali natijasidir.

Tarix  guvoh: milliy-adabiy tilimizning shakllanish jarayonida shunday bir davr keldiki, ijtimoiy hayot taraqqiyoti adabiy-badiiy til asoslarini yaratishni taqozo qildi. Bu g‘oyat murakkab, o‘g‘ir va o‘ta mas’uliyatli ishni buyuk  daho — Alisher Navoiy bobomiz zimmalariga olib, amaliy jihatdan ham, ilmiy jihatdan ham qoyilmaqom qilib, sharaf bilan bajardilar: adabiy tilimiz asoslarini yaratib, uning qaddi-kamolini manguga rostlab-sozlab ketdilar.  Navoiy  “Xamsa”si va devonlari, “Muhokamat ul-lug‘atayn”i buning yorqin dalili-isbotidir. Buni on hazratlarining o‘zlari ham g‘urur bilan qayd etganlar:

Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam.Navoiy bobomizning hayoti va faoliyati, qalb ma’naviyati, ona tilimizni har qanday millat orzu-havas  qiladigan yuksaklarga ko‘tarib ketgan badiiy, ilmiy ijodi uning zamondoshlari va undan keyingi avlodlarga yo‘lchi yulduz bo‘lib qoldi.

Ona yurt sog‘inchining yetti iqlimda yo‘q xassos kuychisi Mirzo Bobur Hazrat ijodiga “Turk nazmida hech kim oncha ko‘b va xo‘b aytqon ermas” deb baho berish bilan birga o‘zi ham o‘tkir she’rlar yaratdilarki, adaby til maqomidagi ona tilimizning kuch-qudrati mislsiz ekanligiga takror-takror iymon keltirmaslik mumkin emas. Ona tilimizning beqiyos tasvir va ta’sir energiyasi, go‘zalligi va boyligi undan keyingi davrlarda, ayniqsa, XX-XXI asr adabiyotida o‘zining betakror ifodasini topdi. Hamza va Cho‘lpon she'riyati misolida xalqimiz boshiga tushgan o‘sha mash’um kunlarda jangovar da’vat-chorlovga aylandi, zulm-istibdodga qarshi tug‘yonli isyon tusida namoyon bo‘ldi;

Qodiriyning “O‘tkan kunlar”ida nasriy go‘zalligini namoyish qilib, adabiyotimizning jahonda oltinchi roman maktabi degan sharafli nom sohibiga aylanishini ta’minladi.

G‘afur G‘ulom ijodi timsolida qalbimizda o‘zbekona g‘urur, Hamid Olimjon she’riyati bilan esa bahoriy surur baxsh etdi; Zulfiyaning ko‘ngil zorlarini sadoqat sayqali bo‘lib bezadi; Ezgulikka yo‘g‘rilgan toza, musaffo ruh bo’lib uchdi Usmon Nosir she’riyatida; Erkin Vohidovning “O‘zbegim”ida buyuk  tarixli xalq timsolida qad rostlab, ko‘ngillarda so‘nmas faxr-iftixor uyg‘otuvchi madhiyaga aylandi. Uyg‘unlashib, bir tan-u bir jon bo‘lib xalq-u vatan, qalb  bilan Rauf Parfining unli she’riyatini dunyoga keltirdi. Jami suxandon bir yon, To‘ra Sulaymon bir yon bo‘lib, el ichra doston bo‘ldi. Halimaning aytimlarida umumo‘zbek chaqirig‘i, o‘zbekona mardona hayqiriq yanglig‘ ogohlikka do‘nib yangradi;

Qisqa umr ko‘rsa-da, Muhammad Yusufga ham shunday ilohiy baxt, oliy saodat nasib etdi. O‘zbek elini, o‘zbek tilini jon-dildan sevgan shoirning dil so‘zlari vaqti kelganda ona xalqini, ona tilini ko‘nglidagidek himoya qila olmagan, qalqon bo‘lib turib bera olmagan fidoyi tildoshlarimizning armonnomasi yanglig‘ yuraklarga muhrlandi.

Hamma zamonlarning buyuk adiblari o‘z ilohiy asarlari bilan xalqi-ning ana shunday  abadiy-adabiy so‘zi, ovozi, ruhi, vijdoniga aylanib ketadi. Endi ayting-chi, boshqa biron chet til bu mehrni, bu muhabbatni, ezgu ko‘ngil yog‘dularini, yuraklardagi ishq zori, ezgu iztirob, armonlarni  ona tildek qalbga yaqin qilib, go‘zal-u asal, muhtashamu munavvar, bahoriy iforli-yu nahoriy ohorli qilib yetkaza oladimi?! Aslo! U bugun dunyodagi eng boy xazinali va takomillashgan adabiy  tillardan biri hisoblanadi. Unda  yuz mingdan ortiq so‘z, yana shuncha ilm-fan, kasb-hunarga oid atamalar, o‘n minglab ibora, tasviriy ifoda, barqaror birikmalar (maqol-matallar, hikmatli so‘z–aforizmlar, birikma, gap holidagi ta’rif-tavsiflar) bor. U nihoyatda keng va xilma–xil so‘z yasash, yangi so‘z, ibora hosil qilish usul va vositalariga hamda gap tuzish, matn yaratish qonun-qoidalariga ega. Mohiyatan bular bitmas-tuganmas xazina, imkoniyat, tengsiz boyligimizdir.

Jumanazar ABDULLAYEV,

GulDU dotsenti