--

KO‘CHALARNING  ISMI JISMIGA  MOS BO‘LSIN

KO‘CHALARNING  ISMI JISMIGA  MOS BO‘LSIN
Chop etilgan 23 октябр, 2026

Yoxud eski va yangi zamonning oqovalari

“Do‘stlik” mahallasi Dehqonobod shaharchasining qoq kindigida joylashgan. Mahallada 2925 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla raisi Tohir Xoliqulovich Mirzayev xalq deputatlari Guliston tuman Kengashining deputati, boz ustiga Kengash raisi ekan. Ziyoliligi, ishning ko‘zini bilishi gap-so‘zlaridan shundoq bilinib turibdi.

Biz ko‘chalarning nomlanishi, tashqi reklama vositalarining davlat tili Qonuniga mos kelish-kelmasligi haqida maqola tayyorlash uchun kelganimizni aytdik. U kishim miyg‘ida kulib qo‘ydilar. Sho‘rolar zamonida mahalla ko‘chalari asosan yerli aholi uchun yetti yot begona jahon proletariatining dohiylari, sosialistik tuzum qahramonlari nomlari bilan atalgan ekan. Mustaqillikdan keyin bu jabhada manzara butunlay o‘zgargani ayni haqiqatdir. O‘zbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan bizga yot atamalar o‘rnini mahalliy qadriyatlarimizga mos  nomlar egalladi.

Shu o‘rinda ongimizga muhrlanib qolgan bir mulohazani keltirib o‘tishni joiz deb bildik. Sho‘ro zamonida shaharlar, aholi punktlariga kommunistik, ya’ni yolg‘on g‘oyani ortidan quvgan dohiylar nomlarini qo‘yish urfga kirgandi. Bir xil nomdagi takror-takror ko‘chalarni ko‘raverib, ko‘nglimiz aynirdi. Mustaqillik davrida ham ayrim nomlarning boz-boz takrorlanishiga ko‘zimiz tushayotganligi bor gap. Bular sirasiga Amir Temur, O‘zbekiston, Turkiston, Istiqlol nomlarini keltirish mumkin. Yakranglik qancha yaxshi ko‘rinsada, alaloqibat odamlarning ta’biga tegadi. Tohir Xoliqulovich bilan Istiqlol ko‘chasidan o‘tdik. Kechgan yillarda bu ko‘cha Karl Marks, Amir Temur nomlari bilan atalgan ekan. Engels va Titov nomlaridagi ko‘chalar bugungi kunda Sayxun va Tinchlik nomlarini olibdi.

Yuqorida nomi zikr etilgan Qonun bandida joy nomlarini o‘zgartirishda mahalliy aholining fikri bilan hisob-lashish lozimligi raqam etilgan. Biroq ayrim mahallalarda bu jarayon faqat mahalliy hokimliklarning irodasi bilan hal etilganligidan  ko‘z yumolmaymiz. O‘zim guvohi bo‘lgan ikkita misol. Biz istiqomat qiladigan Mirzaobod tumani “Bog‘iston” mahallasida butun bir aholi punkti Yangiobod massivi ko‘chasi deb nomlangan edi. Bu haqda “Sirdaryo haqiqati” gazetasida “Ko‘chalar, ko‘chalar, nomsiz ko‘chalar” ismlig‘ tanqidiy maqolamizdan keyin har bir ko‘chaga alohida nom berildi. Biroq ko‘chalarni nomlashda aholidan bir og‘iz so‘ralmadi. Yoki boshqa bir misol. Jiyanim Xovos tumanidagi “Qayirma” mahallasida istiqomat qiladi. Mehmonga borganimizda nolib qoldi.

— Tog‘a, ko‘chamizning nomi Anorzor. Biroq birorta xonadonning hovlisida anor daraxti yo‘q. Nariroqdagi ko‘chalarda anorli xonadonlar ko‘p. Ko‘chalarning nomlari ham ismi jimiga mos bo‘lishi kerakmasmi? — deya iddao qildi.

Kamina hazilnamo gap qildim.

—Jiyan, shunga ham ota go‘ri qozixonami? Sizlar ham tomorqalaringga anor ekinglar. Ko‘chalaring nomiga monand bo‘ladi, — qo‘yadi, — deya maslahat berdim.

Fikri ojizimcha, “Do‘stlik” mahallasidagi ayrim ko‘chalarning nomlari ham kaminada yasamadek taassurot uyg‘otdi. Masalan, Semurg‘, Binafsha, Fidokor, Zarafshon. Mazkur nomlarda mahalliy turmush tarzining nuqsi sezilmaydi.

Tohir Xoliqulovich bilan mahallani aylanib yurganimizda u kishimni idoraga chaqirib qolishdi. “Xizmatchilik, bemalol boravering”, deya kuzatib qo‘ydik. Rais, hali uchrashamiz, deya idoraga yo‘l oldilar. Kaminada eng uzun ko‘cha Turkistonning bir qismidagi tashqi reklama vositalari, peshlavhalarni kuzatish imkoni paydo bo‘ldi. Aytgandek, bu ko‘chaning kunchiqar tomoni “Ahillik”, kunbotar tomoni esa “Do‘stlik” mahallasiga qararkan. Aksari peshlavhalar davlat tilida yozilganiga guvoh bo‘ldik. Biroq onda-sonda oshdan chiqqan toshdek o‘rischa peshlavhalarga ham ko‘zimiz tushdi. Ayrim peshlavhalar esa keyingi paytlarda tilimizga jadallik bilan kirib kelayotgan ajnabiy so‘zlar bilan bitilgan. Ular orasida imlo xatolari bilan, boz ustiga, o‘zbekcha-ajnabiycha so‘zlar qorishgan holda yozilganlari ham uchrab qoldi. Bu qusurlarning barchasi tilimizga muhabbatning sustligidan, loqaydligimizdan, deb o‘ylayman.

Ilgari sho‘ro mafkurasidan qolgan oqova so‘zlardan qutula olmagan edik. Endi esa ajnabiy tillardan kirib kelayotgan so‘zlarning bosimiga duch kelmoqdamiz. Albatta, bu kamchiliklarni mahalla faollari osongina hal qiladilar, deb ishonamiz.

Muhammadali AHMAD

Tasvirlarda: mahalla raisi Tohir Mirzayev faollar bilan ishni yaxshilash bo‘yicha maslahatlashmoqda; Turkiston ko‘chasidagi qusurli peshlavhalardan namunalar.

Muallif olgan suratlar

Teglar::