--

MA’NAVIYATIMIZ  QACHON YUKSALADI?

MA’NAVIYATIMIZ  QACHON  YUKSALADI?
Chop etilgan 23 октября, 2026

Ma’naviyat ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan, ammo butun borliqni harakatga keltiruvchi ilohiy nurdir.Tashqi ko‘rinishingga emas, qalbing go‘zalligiga oro ber.

Jaloliddin RUMIY

...Har galgidek ertalab boshqa yo‘lovchilar hamrohligida avtobusda o‘zimiz ko‘zlagan manzillar tomon ketayapmiz. Shahar hududidan chiqishimizda bekatlardan birida turgan chamasi oltmish yoshlardagi ayol qo‘l ko‘tarib turardi. Haydovchi avtobusni ohista to‘xtatdi.

Ayol qo‘lidagi katta og‘ir sumkasi bilan salonga chiqqanida hamma o‘rindiqlar bandligi uchun atrofga alangladi.O‘rindiqlarda o‘tirgan nav-

qiron yigit-qizlarning deyarli barchasi qo‘llaridagi telefonlaridan ko‘z uzmagan holda pinaklarini buzishmadi. O‘rtaroqdagi o‘rindiqda o‘tirgan bir otaxon o‘ziga yaqinroqdagi sochi kalta qilib qirqilgan ayolga yuzlanib, dedi:

—Qizim, o‘g‘ilchangiz shu ayolga joy bersa, bo‘lmaydimi?

—Nega endi joy berar ekan? Shaharga yetib borsak, buning uchun ham kira haqini to‘layman-ku!—dedi ayol pinagini buzmay.

—Mayli, mayli, sizga xudo insof bersin.

—Otaxon, ortiqcha gapirib, asabim-ni buzmang! Toje mne...

Chol u bilan bahslashish befoyda-ligini tushunib, boshqa so‘z aytishga chog‘lanmadi.

Ayolning yonida o‘tirgan 6-7 yoshlardagi o‘g‘li o‘sha paytda go‘yo qo‘lidagi telefonning “ichiga kirib ketgan” edi. Uning qulog‘iga hech qanday gap kirmasdi. Mabodo eshitganida ham onaizori uning joyiga hech kimni yo‘latmasdi.

—Onaxon, keling, mening joyimga o‘tiring,—dedi homiladorligidan iymanganicha o‘rnidan turgan juvon.

Uning holatini ko‘rgan ayol qarshilik ko‘rsatib, dedi:

—Qo‘yavering, ovora bo‘lmang, tik turib ketaveraman... O‘zingizni ehtiyot qiling, singlim.

—Keling, men sizga joy bera-man,—dedim ayolga.

Shunda o‘zlarini uyquga solib o‘tirgan yigitlardan birining vijdoni uyg‘ondimi, o‘rindiq yetmagan ayolga o‘zining joyini berdi.

Mahallaning chiqindilar tashlanadigan joyi yaqinidan o‘tib ketayotganimda bir bolakayni kuzatdim. U qo‘lidagi chiqindilar solingan kattagina qora salafanni temir qutiga yaqin bormasdan o‘sha atrofga otib yubordi-da, ortiga qayta boshladi.

—Hoy bola, to‘xta!—dedim unga.—Nega uyingdan o‘zing olib kelgan chiqindini maxsus qutiga tashlamading?

—Menga oyim tayinlaganlar. Agar qutiga yaqinroq borsam, axlat-chiqindilarning sassig‘i egnimga “o‘tirib” qolar ekan...

Mana, qanday “mehribon” ayollar bora zamondoshlarimiz orasida! Ular farzandiga gard yuqtirmaslikni o‘ylaydilar-u chiqindilarni tashib ketadigan kishilarning mehnatlari qay darajada qiyinligini tasavvur ham qila olmaydilar. Bu ahvolda bizning ma’naviyatimiz qachon yuksaladi?

“Barcha o‘zgarishlar avvalo odamlarning ongidagi o‘zgarish tufayli ro‘y bermoqda. Zamonga munosib bo‘lib ish ko‘rish lozim. Shuning uchun ma’naviy sohada 5 yil oldin yurmasak, iqtisodiyot rivojlanmaydi”, degan edi Prezidentimiz ma’naviyatchilar ishtirokidagi yig‘ilishlardan birida.

Bo‘ynilariga zanjircha osib olgan, har xil uslubda soqol qo‘ygan va hatto uzun sochini boshining orqa tomoniga qora rezinka bilan tugib olgan yigitlarni ko‘cha-ko‘yda ko‘rganimizda hayron bo‘lmay qo‘ydik. Kalta qilib qirqilgan sochlarini turli ranglarga bo‘yab olgan, rangi o‘chib ketgan, tizza tomonidan atayin yirtib qo‘yilgan “jinsi” shimlarni kiyib olgan, ko‘kraklari nim ochiq qizlar katta yo‘laklarda saqich chaynagan holda qarshisidan kelayotgan keksalarning oldini “kesib” o‘tganlarini ko‘rganimizda ham lom-mim demaydigan bo‘ldik... Qishloqlarda 100-200 qadam uzoqdagi kishini ko‘rganida ularning yo‘llarini “kesib” o‘tmaydigan bo‘yqizlar o‘sha shaharlik qizlarning millatdoshi-ku.

Ma’naviyat ustun bo‘lgan oilada kamol topgan bola kelgusida yetuk, barkamol inson sifatida voyaga yetadi, hayotda, jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topadi. Yerga ekilgan nihol egri o‘sa boshlasa, uni o‘z vaqtida to‘g‘rilab qo‘yish mumkin, tanasi qotganidan keyin uni qiyshiq o‘sayotgan bo‘lsa ham to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Ma’naviyat kirib bormagan oilada tarbiya olgan bolalar kelajakda salbiy xarakterli odamlar bo‘lib ulg‘ayadilar. Voyaga yetgan tarbiyasiz farzandga keyingi har kungi nasihatlar ham aslo kor qilmaydi. Tarbiya sust bo‘lgan oilalarda katta bo‘lganlardan qabih insonlar, yovuz niyatli kishilar, hatto pedofillar yetishib chiqishi muqarrar.

“Odamzotni hayvonotdan ajratib turadigan chegara bor. Bu chegaraning nomi ma’naviyatdir”, deb yozgan edi taniqli yozuvchi O‘tkir Hoshimov.

Prezidentimiz kitob mutolaasiga e’tiborni behudaga kuchaytirmayapti. Kitob o‘qishni har bir oilada yo‘lga qo‘yish, o‘g‘il-qizlar tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik, maktabda, ko‘cha-ko‘yda ularning intizomini qat’iy nazoratga olish juda muhim. Bu ma’naviyatning yuksalishiga asos bo‘la oladi.

“O‘qing va o‘rganing. Jiddiy kitoblarni o‘qing. Qolganini hayotning o‘zi tushuntirib beradi”, deganida ulug‘ yozuvchisi Dostoyevskiy qanchalar haq edi.

Hasan ABDUVOHIDOV

Теги::